"For a new life, for a new Uzbekistan!"

10-Jan-2024 20295

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida «Nuroniy» jamg’armasi Samarqand viloyati bo’limi bilan hamkorlikda mazkur shior ostida «Mahallada duv-duv gap» targ’ibot tadbiri bo’lib o’tdi.

Yurtboshimiz raisligida 2023-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, madaniy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yanada jonlantirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda erishilayotgan yutuqlar haqida so‘z yuritildi. Unda milliy ma’naviyatimizni rivojlantirishga qaratilgan eng muhim vazifalar davlatimiz rahbari tomonidan 9 bandga ajratilgan holda belgilab berildi. 

Ushbu vazifalarning ijrosini ta’minlash, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo’lida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda erishilayotgan yutuqlarni xalqimizga aniq hayotiy dalillar bilan yetkazish maqsadida tashkil etilgan ma’naviyat karvoni respublika «Nuroniy» jamg’armasi hamda uning Samarqand viloyati bo’limi faxriylari bilan birgalikda institutimizda bo’ldi. 

 «Mahallada duv-duv gap» targ’ibot tadbirida institutga tutash hududlarda joylashgan «Bog’isaroy», «Bog’bonlar», «Yulduz» mahallalarining nuroniylari ham faol ishtirokchilardan bo’ldi.

 Dastlab, faxriy mehmonlar talabalar tomonidan tayyorlangan tasviriy san’at ko’rgazmasi bilan tanishdi.

 Tadbirning asosiy qismiga navbat berilib, institut rektori Shahzoda Negmatova o’zbek milliy madaniyati, ma’rifatini yoshlarimiz bobo-buvilaridan o’rganib kelganliklarini, har bir farzand hayotida ularning beqiyos o’rni borligini ta’kidladi. Ularning qo’llab-quvvatlashi bilan boshlangan ushbu targ’ibot tadbirlari ham o’z samarasini berishiga ishonch bildirdi. 

 - Shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonamizda, o’z milliyligimiz, ma’naviyatimiz bizni ushbu rivojlanish yo’lidan og’ishmay, to’g’ri qadamlar tashlashimizga sabab bo’ladi, - deydi «Nuroniy» jamg’armasi mas’ul xodimi Xayriniso Mirzajonova. - Davlatimiz rahbari bugun ma’naviyat boshqa sohalardan kamida 10 qadam oldinda bo’lishini ta’kidladilar. Joylarda o’tkazayotgan targ’ibot tadbirlarimizda, xususan, bugun institutda ijodkor talabalar o’z asarlari orqali Vatanga muhabbat, milliyligimiz kabi muhim tuyg’ularni aks ettirayotgani bizni juda ham quvontirdi. O’ylaymanki, yosh avlodni o’qitishni o’z oldiga maqsad qilgan bo’lajak pedagoglarimiz yangi O’zbekistonga bilimli, ma’naviyatli yoshlarni bizga tarbiyalab beradi. 

 Faxriylarimiz so’z olishar ekan, avvalo, yurtimizning tinchligi, aholi turmushining farovonlashib borayotganiga shukrona keltirdilar. Ular bugun e’tibor kimligi mavhum bo’lgan umumxalqqa emas, aynan bir shaxsga, insonga yo’naltirilayotganini alohida ta’kidladi. 

 Shundan so’ng, tadbirning badiiy qismiga navbat berilib, talabalar tomonidan o’zbek milliy kuy-qo’shiqlari, raqslar ijro etildi. Ushbu targ’ibot tadbirlarida jonbozlik ko’rsatgan bir qator faol faxriylar esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.

 

Axborot xizmati

1