O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti viloyatdagi yagona fin ta’lim tizimiga ixtisoslashgan maktab bilan hamkorlik qiladi

09-Nov-2023 1754

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori Shahzoda Negmatova Samarqand shahridagi yagona fin ta’lim tizimi asosida o‘qitiladigan informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan 9-tayanch maktabiga tashrif buyurdi. 

Tashrif davomida institut rektori maktabda joriy etilgan yangi ta’lim tizimi va o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Maktab o‘qituvchilari bilan uchrashib, fin ta’lim tizimi haqida fikr almashdi. Xususan, Finlandiyaga tashrif chog‘ida olingan tajriba va xulosalar bilan o‘rtoqlashdi.

- Finlandiya ta’lim tizimi ishonch va mas’uliyat asosida barpo etilgan, - deydi institut rektori Shahzoda Negmatova. - Davlat o‘z o‘qituvchilariga ishonch bildirib, ularga o‘quvchilarning tarbiyasi, o‘qishi, hattoki sog‘ligini ham ishonib topshiradi, o‘qituvchilar esa o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadi. O‘quvchilarga o‘tiladigan dars mashg‘ulotlari sodda va oddiy tuzilgan. Bu yoshlarda darslarni o‘zlashtirish oson degan fikrni keltirib chiqaradi. Qarabsizki, har bir bolada o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari ijobiy natija beradi.

Shuningdek, O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti endilikda ushbu maktab bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirib, maktab o‘qituvchilari uchun ilmiy-metodologik jihatdan yordam beradi. O‘qituvchilar fin ta’lim tizimiga bag‘ishlangan ilmiy konferensiya va seminarlarga taklif etiladi.

- Bugungi uchrashuvda O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori bizga har tomonlama yordam qo‘lini uzatdi, - deydi maktab direktori Dilbar Mavlonova. - O‘qituvchilarimiz endilikda institut professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.  Institut rektori xalqaro hamkorlik doirasida turli davlatlarda o‘qituvchilarimizni magistratura bosqichlarida tahsil olishiga yordam berishi bizni quvontirdi. O‘ylaymanki, Finlandiya tajribasi asosida berilayotgan yangi formatdagi ta’lim tizimi tez orada o‘z samarasini beradi. 

Yakunda, institut talabalarining pedagogik amaliyot jarayonlari ham ushbu maktabda o‘tkazilishi yuzasidan kelishib olindi. 

 

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti
Axborot xizmati

1