Hozirgi Boshlang’ich ta’lim va gumanitar fanlar fakulteti 1966 yilda sobiq Sadriddin Ayniy nomidagi Samarqand davlat pedagogika instituti tarkibida «Maktabgacha tarbiya va boshlang’ich ta’lim uslubiyoti» nomi bilan ochilgan. 1992 yilda pedagogika instituti Samarqand davlat universitetiga qo’shilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2020 yil 27 fevraldagi PQ-4623-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, pedagogik ta’lim sohasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish, sohaga Finlandiyaning ilg‘or ta’lim texnologiyalarini joriy qilish, zamonaviy bilim va pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 408-sonli qarori qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021-yil 2-iyuldagi qaroriga ko‘ra O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida boshlang’ich ta’lim yo‘nalishi doirasida “Pedagogika fakulteti” tashkil etilib, 2021-2023-o‘quv yillari o’z faoliyatini olib bordi.
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti Ilmiy Kengashining 2023-yil 3-iyuldagi 9-sonli qaroriga asosan “Boshlang’ich ta’lim va gumanitar fanlar” fakulteti faoliyati tashkil etildi. Ushbu fakultet negizida 60110500 – Boshlang‘ich ta’lim, 60111100 – Tarix yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavr hamda 70110101 – Pedagogika nazariyasi va tarixi (faoliyat turi bo‘yicha), 70110501 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (boshlang‘ich ta’lim) yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali magistr mutaxassis kadrlar tayyorlanadi.
Fakultetda “Boshlang‘ich ta’lim metodikasi”, “Boshlang‘ich ta’lim nazariyasi”, “Pedagogika”, “Psixologiya” hamda “Ijtimoiy gumanitar fanlar” kafedralari mavjud bo‘lib, ularda malakali professor-o‘qituvchilar jamoasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Kafedralar qoshida tashkil etilgan “Zakovat”, “Qiziqarli ona tili”, “Husnixat”, “Metodika saboqlari”, “Munozara-debat” “Китобхонлик” va “Mohir texnologlar”, “Quvnoqlar va Zukkolar”, “Yosh pedagog”, “Talabalar teatr studiyasi” kabi turli to’garaklarda talabalarning fanlarga bo’lgan qiziqishlari va ijodiy imkoniyatlarini ro’yobga chiqarishga sharoitlar yaratilgan.