“Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchilar uchun seminar-trening tashkil etildi

  • 2025-12-17
  • 5523
“Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchilar uchun seminar-trening tashkil etildi
“Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchilar uchun seminar-trening tashkil etildi

Samarqand davlat pedagogika instituti bitiruvchi talabalari uchun “Kelajakka qadam” dasturi doirasida seminar-trening o‘tkazildi. Mazkur tadbirni institut rektori, professor Shahzoda Negmatova ochib berib, “Kelajakka qadam” dasturining bitiruvchilarni bandlik va tadbirkorlikka yo‘naltirishdagi ahamiyati, yoshlarning mustaqil hayotga qadam qo‘yishida ushbu loyihaning muhim o‘rni haqida fikr bildirdi.

Seminar-treningda O‘zmilliybank AJ Samarqand viloyati bosh boshqarmasi huzuridagi “Kelajakka qadam” markazi menejeri Saloxiddin Sirojiddinov hamda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari ishtirok etib, dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, bitiruvchilarni tadbirkorlik va bandlik bilan ta’minlashga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berdilar.

Shuningdek, o‘tgan yillarda ushbu dasturdan samarali foydalangan holda o‘z loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgan institut bitiruvchilari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular “Kelajakka qadam” dasturining yoshlar uchun yaratib berayotgan keng amaliy imkoniyatlari va real natijalarga yo‘naltirilganligi alohida e’tirof etildi.

Samarqand davlat pedagogika instituti 
Axborot xizmati

Share This Post