- 2025-03-26
- 3219
Rektor va talabalar uchrashuvi

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakultetining bitiruvchi bosqich talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida talabalarning “4+2” amaliyot jarayonida orttirgan bilimlari hamda ularning ish bilan ta’minlanish masalasi muhokama qilindi. Rektor maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim tizimi ta’lim jarayonining asosiy bo‘g‘ini ekanini ta’kidlab, bitiruvchilarning yetuk mutaxassis sifatida nafaqat ta’lim-tarbiya, balki ijtimoiy rivojlanish jarayonida ham muhim rol o‘ynashlariga ishonch bildirdi. Shuningdek, bugungi kunda ushbu soha eng dolzarb va zarur yo‘nalishlardan biri ekanini qayd etdi.
Shu bilan birga, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash va ularni mehnat bozoriga integratsiya qilish maqsadida O‘zbekiston Milliy banki bilan “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida hamkorlik memorandumi imzolangani ma’lum qilindi. Ushbu loyiha o‘z g‘oyasiga ega talabalar uchun katta imkoniyatlar yaratishi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida rektor bitiruvchi bosqich talabalariga muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, ishga joylashish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal etishda institut tomonidan barcha zaruriy ko‘nikmalar va tavsiyalar ko‘rsatilishini bildirdi.
Oʻzbekiston-Finlandiya pedagogika instituti
Axborot xizmati