O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova “Inklyuziv rivojlanish markazi”da bo‘ldi

  • 2025-04-17
  • 9257
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova “Inklyuziv rivojlanish markazi”da bo‘ldi
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova “Inklyuziv rivojlanish markazi”da bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, mamlakatimizda inklyuziv ta’limni rivojlantirish, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish hamda ularga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini oshirish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi huzurida “Inklyuziv rivojlanish markazi” tashkil etilgan.

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova markazga kelib, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalarga o‘tilayotgan mashg‘ulotlarda ishtirok etdi hamda ular bilan suhbatlashdi. Rektor, maktabni tugatgandan so‘ng pedagogika oliy ta’lim muassasasida o‘qishni istagan bolalar uchun institut eshiklari doimo ochiq ekanini alohida ta’kidladi.

Markazda 4 ta yo‘nalish bo‘yicha mashg‘ulotlar belgilangan reja-grafik asosida olib borilmoqda. Bular:
 • Kompyuter tizimlari va majmualariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’minlash,
 • Mexatronika va robototexnika asoslari,
 • Konstruktorlik va 3D modellashtirish,
 • Foto va video bilan ishlash (videografiya).

Hozirda markazda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha 200 dan ortiq o‘quvchi malakali mutaxassislardan mutlaqo bepul ta’lim olmoqda.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti hamda “Inklyuziv rivojlanish markazi” o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, inklyuziv ta’lim yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun markazdan tajriba bazasi sifatida foydalanish imkoniyatini yaratish, markaz o‘quvchilari uchun malakali pedagoglarni jalb etish hamda institut talabalarining amaliyot jarayonlarini aynan shu yerda tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun tomonlar o‘rtasida shartnoma (memorandum) imzolash rejalashtirildi.

Oʻzbekiston-Finlandiya pedagogika instituti 
Axborot xizmati

Теги
Share This Post