Xalqaro tajriba va dala amaliyoti sari birinchi qadam

  • 2025-04-19
  • 5498
Xalqaro tajriba va dala amaliyoti sari birinchi qadam
Xalqaro tajriba va dala amaliyoti sari birinchi qadam

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori Shahzoda Negmatova joriy yilning 21–28-aprel kunlari G.R.Derjavin nomidagi Tambov davlat universitetiga dala amaliyotini o‘tash hamda tajriba orttirish maqsadida jo‘nab ketadigan 8 nafar iqtidorli talaba va 2 nafar professor-o‘qituvchidan iborat delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida rektor delegatsiya a’zolariga safar davomida bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish, dala amaliyoti jarayonida nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot ishlarida faol ishtirok etish hamda xalqaro tajriba orttirish borasida muhim tavsiyalar berdi.

Shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish, yangi do‘stlar va ilmiy hamkorlar orttirish, institut nufuzini munosib himoya qilish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Delegatsiya a’zolariga safardan qaytgach, orttirilgan bilim va tajribalarni institut jamoasi o‘rtasida keng targ‘ib etish, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish va xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda faol ishtirok etish topshirildi.

Uchrashuv yakunida rektor delegatsiya a’zolariga safarda ulkan zafarlar, muvaffaqiyatlar va omad tilab, institut manfaatlarini munosib himoya qilishda qat’iyat va fidoyilik ko‘rsatishlariga ishonch bildirdi.

Oʻzbekiston-Finlandiya pedagogika instituti 
Axborot xizmati

Share This Post