O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova tomonidan “Professor soati” mashg‘uloti o‘tkazildi

  • 2025-04-21
  • 5430
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova tomonidan “Professor soati” mashg‘uloti o‘tkazildi
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova tomonidan “Professor soati” mashg‘uloti o‘tkazildi

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova institutda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari sohiblari, ushbu mukofotlarga nomzod talabalar, fan olimpiadalari g‘oliblari hamda turli yo‘nalishlarda muvaffaqiyat qozongan yoshlar bilan “Professor soati” mashg‘ulotini o‘tkazdi.

Mashg‘ulot avvalida rektor talabalarga o‘zining olimlik sari ilk qadamlari, ilmiy faoliyatda uchragan qiyinchiliklar va ularni yengib o‘tish yo‘llari, ilmiy rahbarining ko‘rsatgan yordami hamda dissertatsiya jarayonidagi sinov va tajribalari haqida so‘zlab berdi.

Shundan so‘ng, “Ta’lim tizimida rahbar qanday fazilatlarga ega bo‘lishi kerak?” hamda “Olimlar davrasi va rahbarlar davrasi o‘rtasidagi farqlar” mavzularida fikr almashildi. Professor – bir vaqtda ilm-fan bilan shug‘ullanish va rahbarlik faoliyatini olib borish naqadar mas’uliyatli va mashaqqatli ekanligini talabalarga tushuntirdi.

Shuningdek, zamonaviy yoshlarning ilmiy-tadqiqot sohasida erishayotgan yutuqlari, texnik va texnologik yangiliklarni tezda anglab olish qobiliyatlari, xorijiy tillarni mukammal egallaganliklari ularning asosiy ustunligi ekani alohida e’tirof etildi. Shu bilan birga, ayrim yoshlarda kuzatilayotgan maqsaddan chalg‘ish, mehnatdan begonalashuv kabi holatlar dolzarb muammo sifatida ko‘rsatilib, bu borada ishtirokchilarga foydali tavsiya va maslahatlar berildi.

Institutimizda ilk bor tashkil etilgan “Professor soati” mashg‘uloti talaba-yoshlar uchun ilmiy izlanish olamiga yo‘l ochdi. Mashg‘ulot yakunida talabalar ilmiy faoliyat – bu tartib-intizom, mas’uliyat, tinimsiz izlanish, kuchli iroda, qat’iyat va sabr-toqat talab etishini angladilar. Shuningdek, ilmiy mavzuni to‘g‘ri tanlash va malakali rahbar bilan ishlash muvaffaqiyatning asosiy omili ekanini qayd etishdi. Talabalar bunday uchrashuvlarning muntazam o‘tkazilishi institutdagi ilmiy salohiyatni oshirish, ilm-fanga qiziqish bildirayotgan yoshlar safini kengaytirishiga xizmat qilishini ta’kidladilar.  “Professor soati” esa ilmiy muhitni shakllantirish va izlanuvchan, iqtidorli avlodni tarbiyalash yo‘lida muhim tashabbus sifatida e’tirof etildi.

Oʻzbekiston-Finlandiya pedagogika instituti 
Axborot xizmati

Теги
Share This Post