- 2026-02-15
- 5512
OGOHLIK – DAVR TALABI
Joriy yilning 12-yanvar kuni Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova rahbarligida o‘tkazilgan ishchi apparat yig‘ilishida haftaning har shanba kuni “Tyutorlar soati”ni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida rektor tomonidan prorektorlar, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari, kafedra mudirlari, dekan o‘rinbosarlari hamda tyutorlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv “Ogohlik – davr talabi” mavzusida tashkil etildi. Unda ijara xonadonlarida istiqomat qilayotgan talabalarning yashash sharoitlari hamda ijtimoiy-ma’naviy holati atroflicha muhokama qilindi. Talabalarni turli yot g‘oyalar va noqonuniy guruhlar ta’siridan asrash maqsadida har bir tyutor tomonidan individual ishlash tizimini yanada kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, yoshlar orasida giyohvandlikning oldini olish, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. O‘quv jarayonini sifatli tashkil etish va samarali nazorat qilish bo‘yicha mas’ul rahbar va mutasaddilarga qat’iy topshiriqlar berildi.
Talabalarning sog‘lom ma’naviy muhitini barqaror ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali tashkil etish masalalari muhokama qilinib, mazkur yo‘nalishlar doimiy nazoratga olinishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida rektor institutda tahsil olayotgan har bir talabani asrab-avaylash, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish hamda kelajakda yetuk va raqobatbardosh mutaxassis etib tarbiyalash ustuvor vazifa ekanini alohida ta’kidladi.






Samarqand davlat pedagogika instituti
Axborot xizmati
