O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY TAʼLIM MUASSASALARIDA IKKINCHI VA UNDAN KEYINGI OLIY TAʼLIMNI OLISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
«Taʼlim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-son Farmoniga muvofiq fuqarolarning ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim olishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimni olish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2022-yil 1-maydan boshlab kuchga kiritilsin:
oliy taʼlim muassasalari bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari xususiyatidan kelib chiqib, ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimni oliy taʼlim muassasalarida mavjud bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va taʼlim shakllarida tashkil etish;
ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim bo‘yicha qabul parametrlarini belgilash, uqishga kirish uchun belgilangan muddatlarda maxsus elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tish;
ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimda o‘quv jarayonini tashkil etish, shu jumladan, o‘qish davomiyligini tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari uchun belgilangan muddatdan bir yilga kam etib belgilash;
ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari o‘quv rejasi va fan dasturlarini tayanch oliy taʼlim muassasalari tomonidan turdosh oliy taʼlim muassasalari bilan kelishilgan xolda kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlaridan kelib chiqib alohida ishlab chiqish va tasdiqlash.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI