O‘zbekiston – Koreya oliygohlari: ta’lim va ilm-fandagi hamkorlik yangi bosqichda

  • 2026-09-28
  • 53
O‘zbekiston – Koreya oliygohlari: ta’lim va ilm-fandagi hamkorlik yangi bosqichda
O‘zbekiston – Koreya oliygohlari: ta’lim va ilm-fandagi hamkorlik yangi bosqichda

Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova boshchiligidagi delegatsiyaning Koreya Respublikasiga xizmat safari doirasida qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, pedagogik ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va akademik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlarga erishildi.

Xizmat safari davomida delegatsiya Seoul National University (SNU), International Graduate School of Language Education (IGSLE) hamda University of Utah Asia Campus vakillari bilan muzokaralar olib bordi.

Seoul National Universityda universitetning Akademik masalalar bo‘yicha ijrochi vitse-prezidenti, professor June-Jeong Lee bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda pedagogik ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda xalqaro ilmiy seminar va konferensiyalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvning muhim natijasi sifatida Samarqand davlat pedagogika institutining 3 nafar xodimini Seoul National Universityda ilmiy stajirovkadan o‘tkazish uchun alohida kvota va stipendiya ajratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu institut professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarining xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish imkonini beradi.

Delegatsiya SNUning Day Care Center faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur markazda maktabgacha ta’lim, oliy ta’lim va amaliy tayyorgarlikning o‘zaro integratsiyasi, talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish tajribasi o‘rganildi.

IGSLE prezidenti Hyunkee Ahn bilan uchrashuvda esa Samarqand davlat pedagogika instituti va IGSLE o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan 1+1 shaklidagi qo‘shma magistratura dasturining dastlabki saralash jarayonlari muhokama qilindi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar, doktorantura va til ta’limida sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

University of Utahning Janubiy Koreyadagi Asia Campusida o‘tkazilgan uchrashuvlarda esa aniq va tabiiy fanlar, matematika, fizika, kimyo, sun’iy intellekt, muhandislik yo‘nalishlari uchun pedagog kadrlar tayyorlash, inklyuziv ta’lim va talabalar almashinuvi bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, ta’lim jarayonini tashkil etish va kompetensiyaga asoslangan yondashuvlar o‘rganildi.

Shu tariqa, xizmat safari davomida 3 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilinib, 1+1 qo‘shma magistratura dasturi, akademik mobillik, ilmiy tadqiqotlar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi bo‘yicha yangi imkoniyatlar belgilandi. Eng muhim amaliy natija — 3 nafar institut xodimi uchun Seoul National Universityda ilmiy stajirovka o‘tashga kvota va stipendiya ajratilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgani bo‘ldi.

Koreya Respublikasiga xizmat safari doirasida erishilgan kelishuvlar Samarqand davlat pedagogika institutining xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, professor-o‘qituvchilarning xorijiy tajriba almashinuvini kuchaytirish, talabalar uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlarini oshirish hamda ilg‘or pedagogik tajribalarni institut ta’lim jarayoniga joriy etishga qaratilgan.

 

Share This Post