- 2025-04-16
- 6239
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasida bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-martdagi 134-sonli “Gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, boshqa statsionar va uzoq muddatli ambulator davolanishda bo‘lgan bolalar uchun maktabgacha ta’lim va tarbiya hamda umumiy o‘rta ta’lim berish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, gematologiya, onkologiya va klinik immunologiya markazlarida davolanayotgan bolalarga sifatli ta’lim va tarbiya jarayonlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasi faoliyati tashkil etilgan.
Professor Shahzoda Negmatova mazkur muassasada amalga oshirilayotgan ta’lim-tarbiya jarayonlari bilan bevosita tanishdi, dars mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan bolajonlar bilan muloqot qildi va ularning bilimga bo‘lgan ishtiyoqini yuqori baholadi. Shuningdek, bolalarga ezgu tilaklar bildirib, institut talabalari tomonidan qo‘l mehnati asosida tayyorlangan esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Uchrashuv davomida “Mehrli maktab” va O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti o‘rtasida uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalar amaliyotini ushbu ta’lim muassasasida tashkil etish, shuningdek “Inklyuziv ta’lim. Gospital pedagogikasi” fanini yanada rivojlantirish maqsadida “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasi direktori Nigora Alimova bilan ikki tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Oʻzbekiston-Finlandiya pedagogika instituti
Axborot xizmati