- 2026-08-29
- 75
- Spitamen shox ko’chasi 71
Aniq fanlar oliy pedagogika maktabi lavozimlariga ishga qabul qilish bo‘yicha suhbat o‘tkaziladi
Samarqand davlat pedagogika instituti Aniq fanlar oliy pedagogika maktabi dekani, dekan o‘rinbosari hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha dekan o‘rinbosari lavozimlariga nomzodlarni ishga qabul qilish bo‘yicha suhbat 2026-yil 2-sentabr kuni soat 09:00 da boshlanadi.
Shuningdek, Aniq fanlar oliy pedagogika maktabi dekani va dekan o‘rinbosarlari lavozimlariga munosib nomzodlarni aniqlash va saralash maqsadida e’lon qilingan tanlov uchun hujjatlarni qabul qilish muddati 2026-yil 31-avgustga qadar uzaytirilganligini ma’lum qilamiz.
Suhbat shartlari hamda tanlovda ishtirok etish uchun zarur hujjatlarni topshirish talablari bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz va ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin: https://docs.google.com/forms/d/e/1FAIpQLSdzRm8Ft_VYyQvh95nNDnEdha2mAxGov67WKFJQC5X8xchQyA/viewform?usp=dialog
Suhbat jarayonida tanlov uchun hujjat topshirgan nomzodlar tomonidan “Institut transformatsiyasiga qo‘shadigan hissam: 5 yillik strategik rivojlanish dasturi” mavzusida taqdimot o‘tkaziladi.
Nomzodlarning strategik taqdimotlari quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
1. Oldingi ish tajribasi va erishilgan natijalar
- Nomzodning avvalgi ish tajribasi;
- boshqaruv va akademik faoliyatdagi yutuqlari;
- ilmiy nashrlari, loyihalari va tashabbuslari;
- taqdimotda ilgari surilgan takliflarni avval amaliyotda muvaffaqiyatli amalga oshirganini tasdiqlovchi natijalar.
2. Mavjud holat va muammolarni tahlil qilish
- Institut yoki oliy maktab faoliyatidagi asosiy muammolarni to‘g‘ri aniqlash;
- tahlilning aniq dalillar, ko‘rsatkichlar va ma’lumotlarga asoslanganligi;
- muassasaning kuchli va zaif tomonlarini to‘g‘ri baholash.
3. Strategik maqsadlar va transformatsiya yo‘nalishlari
- Aniq va o‘lchanadigan strategik maqsadlarni belgilash;
- institut transformatsiyasining ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib berish;
- taklif etilayotgan strategiyaning milliy va xalqaro ta’lim standartlari hamda zamonaviy talablarga muvofiqligi.
4. Strategiyani amalga oshirish mexanizmlari
- Bosqichma-bosqich yo‘l xaritasining mavjudligi;
- vazifalarni bajarish muddatlarining aniq belgilanishi;
- zarur moliyaviy, moddiy va inson resurslarini rejalashtirish;
- kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar;
- mumkin bo‘lgan xavflarni aniqlash va ularni boshqarish mexanizmlarining ishlab chiqilganligi.
5. Ta’lim va ilmiy faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha takliflar
- Ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha aniq va innovatsion yechimlar;
- ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar;
- talabalar uchun yaratiladigan akademik va ijtimoiy imkoniyatlarni kengaytirish;
- professor-o‘qituvchilar faoliyati va salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan takliflar;
- mavjud muammolarga amaliy, innovatsion va barqaror yechimlar taklif etilishi.
6. Taqdimot sifati va nomzodning kommunikativ salohiyati
- Taqdimot materialining mantiqiy va izchil tuzilishi;
- ajratilgan vaqtdan samarali foydalanish;
- fikrlarning asoslanganligi va ishonarliligi;
- nomzodning o‘z pozitsiyasini aniq ifodalashi;
- komissiya a’zolarining savollariga asosli va professional javob bera olishi.
Nomzodlardan taqdimot davomida nafaqat mavjud holatni tahlil qilish, balki kelgusi 5 yil davomida Aniq fanlar pedagogika oliy maktabi va institut rivojiga qanday aniq hissa qo‘sha olishini, qanday natijalarga erishishni rejalashtirayotganini hamda ushbu maqsadlarga qanday mexanizmlar orqali erishishini asoslab berishlari kutiladi.
