Musiqa ta’limi kafedrasining shonli tarixi
Samarqand davlat pedagogika instituti “Musiqa ta’limi” kafedrasi 1969-yilda o‘zbek tili va adabiyoti fakultet qoshida tashkil etilgan bo‘lib, “Musiqa va ashula” kafedrasi deb nomlangan. Kafedraga uzoq yillar dotsentlar Ya. Haqqulov, F. Obidov, N. Valixo‘jayev, B. Ashurov, N. Tolliboyev va B. Roziqovlar rahbarlik qilib kelganlar. 2011 yil kafedraning nomi «Musiqa o‘qitish metodikasi va xalq cholg‘u asboblari» nomi bilan va 2015 yil kafedralar birlashganligi sababli “Musiqa ta’limi” nomi bilan faoliyat yuritgan, kafedraga katta o‘qituvchi E. Djalilov rahbarlik qilgan. 2018 yildan 2021-yil noyabr oyigacha p.f.f.d, dotsent Sh. Mustafayev kafedraga rahbarlik qilganlar. Hozirda kafedraga pedagogika fanlari bo’yicha falsafa doktori Boltayev Baxtiyor Rustamovich rahbarlik qilib kelmoqda.
Kafedrada talaba yoshlarga ta’lim berishda O‘zbekiston xalq artisti, professor, dotsentlar, (PhD) doktorlar, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, katta o‘qituvchilar, assistent o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatib kelishgan. Hozirgacha musiqa ta’lim yo‘nalishini tugatgan talabalar o‘sish dinamikasi shu davrga qadar 4000 dan ortiq oliy ma’lumotli umumta’lim, kasb-hunar kollejlari hamda oliy ta’lim uchun kadrlar tayyorlab bergan, bundan tashqari 200 nafarga yaqin magistrlarni tayyorlashda kafedra professor-o‘qituvchilarining mehnati cheksiz.
Yo‘nalishni tugatgan talabalar ta’lim tizimining turli sohalarida samarali faoliyat yuritib kelmoqdalar, jumladan: pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Vaxobiddin Baxriyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Ravshan Hamroqulov, O‘zbekiston bastakorlar uyushmasi a’zosi Javodbek Kozimov, Shuhrat ordini sohibi Sayidmurod Botirov, pedagogika fanlari doktori, professor Nishonboy Kiyomov, pedagogika fanlari doktori, professor Shomurod Mustafayev, fakultetimizda faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilarimiz M. Murodov, B. Boltayev, U. Boliyev, Sh. Shayqulov, G. Davronova, Sh. Omanqulova, D. Samatova, O. Muhammatova, U. Hamrayeva, G. Burxonova, S. Pardayev, A. Abdumannotova, M. Bannaqulovlar shular jumlasidandir.
Professor A. Ergashevning 2009-yil “San’atga baxshida umr” video filmi Respublika miqyosida san’at ixlosmandlariga havola etilgan.
Kafedrada talabalarining mustaqil ilmiy faoliyatini rivojlantirish va jonlantirish maqsadida ilmiy-ijodiy to‘garaklar, talabalarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun “Guldasta” xor jamoasi, “Dutorchilar”, “Vokalchilar” to‘garaklari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu to‘garaklarda faol qatnashayotgan talabalar iste’dodli va iqtidorli talabalar bo’lib, ular institut va viloyat miqyosidagi madaniy tadbirlarda ham faol qatnashib kelishmoqda. Kafedrada mavjud to’garaklardan o’qituvchi A. Abdumannatova rahbarligida “Dutorchilar” to’garagi, o’qituvchi D. Samatova rahbarligidagi “Cholg’uchilar ansambli”, O. Muxammatova rahbarligidagi “Vokalchilar” to’garagi faoliyat yuritmoqda.
Kafedra respublikamiz oliy o‘quv yurtlaridagi nomdosh kafedralar bilan ijodiy hamkorlikda bo‘lib, musiqa pedagogikasining dolzarb pedagogik muammolarini hal qilishda faol ishtirok etib kelmoqda. Kafedra professor-o‘qituvchilari kafedraning bosh ilmiy mavzusidan kelib chiqgan holda o‘zlarining ilmiy pedagogik faoliyatini amalga oshirib kelmoqdalar. Kafedra bosh mavzusi: “Bo’lajak musiqa ta’limi o’qituvchilarini innovatsion texnologiyalar orqali kasbiy kompetentliligini takomillashtirish”. Hozirga qadar kafedra professor-o‘qituvchilari mavzu asosida bir qancha uslubiy qo‘llanmalar, uslubiy tavsiyalar va ilmiy maqolalar chop ettirishgan. Bularning barchasi viloyat va Respublikada musiqa ta’lim tarbiyasida muhim metodik manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Musiqa ta’limi kafedrasi 60111300-musiqa ta’limi yo’nalishi va 70111301-magistratura mutaxassisligiga ixtisoslashgan.
Samarqand davlat pedagogika instituti Samarqand davlat universiteti tasarrufidan ajralib alohida faoliyat yuritayotgan paytdan beri Musiqa ta’limi kafedrasida shu paytgacha Xalqaro ilmiy bazaga kiruvchi jurnallarda 130 dan ortiq, Mahalliy ilmiy jurnallarda 88 ta, Xalqaro ilmiy konferensiyalarda 100 dan ortiq maqolalar nashr etilgan. Shuningdek 14 ta darslik, 15 ta o‘quv qo‘llanma, 8 ta uslubiy qo‘llanmalar chop etildi.
Musiqa ta’limi yo‘nalishi talabalari ko‘plab mahalliy hamda xorijda o‘tkazilayotgan ko‘rik tanlovlarda munosib qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqdalar. 2025-yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasining Nijnevartovsk shahrida o‘tkazilgan “ВЕСЕННИЙ ЭКСПРОМТ” nomli VII xalqaro ko‘rik tanlovda “Musiqa ta’limi” yo‘nalishining 21 nafar talabalari muvaffaqiyatli qatnashdi:
-
4 nafar talaba I darajali diplom bilan
-
7 nafar talaba II darajali diplom bilan
-
6 nafar talaba III darajali diplom bilan taqdirlandi
2025-yil may oyida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida o‘tkazilgan “Душа России” nomli xalqaro ko‘rik tanlovda “Musiqa ta’limi” yo‘nalishining 1-kurs talaba Xurramova Dodar va 2-kurs talaba Irisova Mehrangiz vokal ijrochiligi yo‘nalishida g‘olib bo‘lishdi.
O‘zbekiston Davlat San’at va Madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialida o‘tkazilgan “Navro’z taronalari” ko‘rik tanlovida 16 nafar talaba qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallashdi.
Oxirgi ikki yil mobaynida Musiqa ta’limi kafedrasining 2 nafar o‘qituvchilari I. Qudratov hamda E. K. Djalilov professor unvoniga, 6 nafar o‘qituvchi B. Boltayev, G. M. Davronova, Sh. Shayqulov, Sh. Omonqulova, S. Pardayev, M. B. Murodovlar dotsentlik unvoniga ega bo‘ldi.
2025-yilda Musiqa ta’limi kafedrasi o‘qituvchisi Abdumannatova Aziza Abdumajit qizi 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (pedagogika) ixtisosligidan “Talabalarda musiqa turizmi vositasida tolerantlikni rivojlantirish metodikasini takomillashtirish” mavzusida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun muvaffaqiyatli himoya qildi.
Bugungi kunda Samarqand davlat pedagogika institutining Musiqa ta’limi kafedrasida asosiy shtatda 18 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda, jumladan 1 nafar fan nomzodi, 5 nafar falsafa doktori (PhD), hamda 12 nafar ilmiy darajaga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar. Shuningdek 2 nafar professor, 6 nafar dotsent ilmiy unvoniga ega o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatmoqda. Musiqa ta’limi kafedrasining bugungi kundagi ilmiy salohiyati 33.3% ni tashkil etadi.
