- 2026-02-28
- 5899
Samarqand davlat pedagogika institutida akademik Bobomurod Ahmedov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Ayni kunlarda Samarqand davlat pedagogika institutida o‘tkazilayotgan “Institut professor-o‘qituvchilari, magistrantlari va talabalarining 2025-yilgi tadqiqot ishlarining yakunlariga bag‘ishlangan IV an’anaviy ilmiy anjuman” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Respublikasida fan arbobi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, Nazariy fizika instituti direktori, akademik Bobomurod Ahmedov bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda institut professor-o‘qituvchilari, magistrantlar, tadqiqotchilar hamda talabalar faol ishtirok etdilar. Akademik Bobomurod Ahmedov o‘zining ilmiy faoliyati, nazariy fizikaning zamonaviy yo‘nalishlari hamda fundamental tadqiqotlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi.
Akademik H-indeks ko‘rsatkichining ilmiy maqolalarning iqtiboslanish darajasi va tadqiqotchining ilmiy salohiyatini baholashdagi muhim mezon ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u yosh olimlarga ilmiy natijalarni xalqaro miqyosda e’lon qilish, nufuzli va sifatli ilmiy jurnallarni tanlash hamda ilmiy halollik tamoyillariga qat’iy rioya etish zarurligini uqtirdi.
Shu bilan birga, yetuk olim sifatida shakllanish uchun chuqur nazariy bilimga ega bo‘lish, tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirish, zamonaviy ilmiy axborot bazalaridan samarali foydalanish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ekani qayd etildi.
Mazkur uchrashuv yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ilmiy tafakkurni rivojlantirish hamda milliy ilmiy salohiyatni mustahkamlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.






Samarqand davlat pedagogika instituti
Axborot xizmati
