- 2026-04-03
- 2242
Institutimizda korrupsiyaga o‘rin yo‘q!
Korrupsiya bugungi kunda global miqyosda bartaraf etilishi zarur bo‘lgan eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy hamda iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol etilishiga olib keladi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
🇺🇿 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida: “Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish — islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda ‘favqulodda holat’ e’lon qilamiz”, — deya alohida ta’kidlab o‘tdi.
Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida ham korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, ushbu illatning yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish borasida tizimli va samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, bugun Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova rahbarligida professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda oliygohda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. Yig‘ilish davomida institutning Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Samariddin Bobomurodov tomonidan mazkur yo‘nalishdagi hisobot taqdim etildi.
Muhokamalar jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoaning birdamligi va hamjihatligi muhim omil ekani alohida ta’kidlandi. Qayd etilishicha, faqatgina umumiy sa’y-harakatlar va qat’iy pozitsiya orqali ushbu illatni ildizi bilan bartaraf etish mumkin.









