- 2026-06-08
- 23
“Yangi Oʻzbekiston talabalari olimpiadasi”da hal qiluvchi bahslar boshlandi
8-iyun kuni “Yangi Oʻzbekiston talabalari olimpiadasi” doirasida voleybol musobaqalarining hal qiluvchi uchrashuvlari boʻlib oʻtadi. Kun tartibidan ayollar va erkaklar oʻrtasida uchinchi oʻrin hamda chempionlik uchun bahslar oʻrin olgan. Ayni paytda ayollar oʻrtasida uchinchi oʻrin uchun bahs boʻlib oʻtmoqda. Unda Chirchiq davlat pedagogika universiteti jamoasi Jizzax davlat pedagogika universiteti vakilalariga qarshi maydonga tushadi. Shuningdek, kunning birinchi yarmida ayollar oʻrtasidagi final uchrashuvi boʻlib oʻtadi. Unda Buxoro davlat universiteti hamda Urganch davlat universiteti jamoalari musobaqaning bosh sovrini uchun kurash olib boradi. Kunning ikkinchi yarmida esa erkaklar jamoalari oʻrtasidagi hal qiluvchi bahslar tashkil etiladi. Uchinchi oʻrin uchun oʻyinda Fargʻona davlat universiteti va Buxoro davlat universiteti jamoalari oʻzaro kuch sinashadi. Musobaqaning eng kutilgan uchrashuvlaridan biri — erkaklar oʻrtasidagi final bahsi soat 17:30 da start oladi. Unda Namangan davlat universiteti hamda Samarqand davlat pedagogika instituti jamoalari chempionlik uchun maydonga chiqadi. Mazkur sport uchrashuvlari poytaxtimizning Olimpiya shaharchasida boʻlib oʻtmoqda. Sport muxlislari va talabalar jamoalarni qoʻllab-quvvatlash uchun final bahslariga taklif etiladi.









