- 2026-07-01
- 98
Vorislik mas’uliyatini anglagan pedagog: Uchinchi Renessans bunyodkori
“Vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas’uliyat hamdir.”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
Bugun dunyo taraqqiyoti yangi bosqichga ko‘tarildi. Endilikda davlatlarning qudrati hududi yoki tabiiy boyliklari bilan emas, balki bilim, texnologiya va inson kapitali bilan belgilanmoqda. Prezidentimiz yoshlar bilan uchrashuvda aynan shu haqiqatni alohida ta’kidlab, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining tayanchi bilimli, tashabbuskor va mas’uliyatli yoshlar ekanini qayd etdilar.
Davlatimiz rahbarining nutqida ilgari surilgan g‘oyalar chuqur falsafiy mazmun kasb etadi: “Vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas’uliyat hamdir.” Ushbu fikr, avvalo, biz — pedagogika sohasi vakillari va bo‘lajak pedagoglar zimmasiga yuklatilgan mas’uliyatni yanada teranroq anglashga undaydi.
Zero, pedagog nafaqat dars beruvchi mutaxassis, balki jamiyatning ertangi qiyofasini shakllantiruvchi, millatning tarixiy xotirasi, ma’naviy qadriyatlari va ilmiy merosini kelajak avlodga yetkazuvchi shaxsdir. Shuning uchun ham bugun pedagogika oliy ta’lim muassasalari oldida turgan eng muhim vazifalardan biri zamonaviy bilim va kasbga ega mutaxassis kadrlarni yetkazish bilan birga, vorislik mas’uliyatini chuqur his qiladigan ustozni tarbiyalashdan ham iboratdir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu siyosat natijasida mahallalarda yoshlar yetakchilari korpusi shakllantirildi. Mazkur tizimning samaradorligi esa, avvalo, oliy ta’lim muassasalarida shakllanayotgan liderlik maktabiga tayanadi.
Samarqand davlat pedagogika institutida ham talabalar turli yo‘nalishlarda koordinator, volontyor va jamoatchilik faollari sifatida faoliyat yuritib, tengdoshlari bilan ishlash, ularning muammolarini tinglash va amaliy yechim topish ko‘nikmalarini egallamoqdalar. Shu kabi hamkorlik tajribalari mahallalarda samarali faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari faoliyati samaradorligida ham muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Demak, pedagogika oliygohlari nafaqat o‘qituvchi, balki zamonaviy yetakchilarni ham tarbiyalayotgan maskan hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda nuroniylarning hayotiy tajribasiga alohida e’tibor qaratdilar. Bu yondashuv oliy ta’lim tizimida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Ta’lim muassasalarida Faxriylar kengashi a’zolari o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan muntazam muloqot olib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bunday uchrashuvlarda talabalar nafaqat ta’lim jarayonidagi masalalar, balki hayotiy tanlovlar, kasbiy rivojlanish, oilaviy qadriyatlar va shaxsiy kamolot bo‘yicha ham nuroniylarning boy tajribasidan bahramand bo‘lmoqda. Bu esa yoshlarda hayotga mas’uliyatli munosabat, Vatanga sadoqat va milliy qadriyatlarga hurmatni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonamiz.
Prezidentimiz tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” deb e’lon qilingani ham yoshlar bilan ishlashning yanada ta’sirchan tizimini shakllantirdi. Oliygohda ushbu kun doirasida davlat tashkilotlari, banklar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ish beruvchilar va tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda. Natijada bitiruvchi talabalarning bandligini ta’minlash, ularning startap g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va imtiyozli imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha muhim natijalarga erishilmoqda.
Prezidentimiz bugungi kun muvaffaqiyatining uch ustuni sifatida bilim, kasb va texnologiyani e’tirof etdilar. Bu tamoyil pedagogika oliy ta’lim muassasalari oldiga ham yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Endilikda pedagog nafaqat fanini mukammal bilishi, balki raqamli texnologiyalarni egallagan, xorijiy tillarni biladigan, sun’iy intellekt va zamonaviy ta’lim metodlarini qo‘llay oladigan mutaxassis bo‘lishi zarur. Chunki ertangi maktab bugungi pedagog tayyorgarligiga bog‘liq.
Shunday ekan, zimmamizga yuklatilgan vazifalarning asosini yagona tushuncha, u ham bo‘lsa — vorislik mas’uliyati birlashtiradi. Buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanish har birimiz uchun sharafdir.
Ammo Prezidentimiz ta’kidlaganidek, vorislik faqat faxrlanish bilangina cheklanmaydi. Vorislik — bu ajdodlar boshlab bergan ilmiy tafakkur, bunyodkorlik va ma’rifat yo‘lini davom ettirish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olishdir.
Aynan pedagog ana shu mas’uliyatni yosh avlod qalbiga singdiradigan eng asosiy shaxsdir. Chunki muhandisni ham, shifokorni ham, olimni ham, tadbirkorni ham, davlat arbobini ham, birinchi navbatda, ustoz tarbiyalaydi. Demak, buyuk ajdodlarimizning ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini davom ettiradigan avlodni voyaga yetkazish, eng avvalo, pedagogning ma’naviy salohiyati va vorislik mas’uliyatini qanchalik chuqur anglaganiga bog‘liq.
Bugun Samarqand davlat pedagogika institutida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy bilim va kasblarga yo‘naltirish, liderlik fazilatlarini rivojlantirish, milliy qadriyatlarga sodiq, Vatan ravnaqi uchun mas’uliyatni his qiladigan pedagoglarni tayyorlash ishlari Prezidentimiz belgilab bergan ustuvor vazifalarning amaliy ifodasidir.
Zero, Uchinchi Renessans poydevorini bino va inshootlar emas, balki tafakkuri yuksak, ma’naviyati boy, bilimli va vorislik mas’uliyatini anglagan insonlar barpo etadi. Ana shunday insonlarni tarbiyalaydigan pedagog esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim bunyodkoridir.
Shahzoda Negmatova
Samarqand davlat pedagogika instituti rektori,
xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati
