- 2026-08-02
- 236
Samarqand davlat pedagogika institutida “Bitiruvchi–2026” tantanali bitiruv kechasi bo‘lib o‘tdi
Samarqand davlat pedagogika institutida “Bugungi bitiruvchi — kelajakni quruvchi” shiori ostida “Bitiruvchi–2026” tantanali bitiruv kechasi tashkil etildi.
Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Xusan To‘xtayev hamda Samarqand davlat pedagogika instituti rektori Shahzoda Negmatova ishtirok etib, bitiruvchilarni hayotlaridagi muhim bosqich — oliy ta’limni muvaffaqiyatli tamomlaganliklari bilan tabrikladilar. So‘zga chiqqanlar pedagoglik kasbining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, yosh mutaxassislarning kelajak avlodni tarbiyalashdagi mas’uliyati haqida so‘z yuritib, ularga kelgusidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladilar.
Tantanali kechada “Zarafshon” va “Самаркандский вестник” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev, Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yo‘ldoshev, institut professor-o‘qituvchilari, bitiruvchilar, ularning ota-onalari, ta’lim sohasi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbir davomida bitiruvchilar pedagoglik kasbining yuksak qadriyatlariga sodiq qolish, o‘quvchilarga sifatli ta’lim va tarbiya berish hamda kasbiy burchini vijdonan ado etishga qaratilgan pedagog qasamyodini qabul qildilar.
Shuningdek, bakalavriat va magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Joriy yilda Samarqand davlat pedagogika institutini bakalavriat va magistratura bosqichlari bo‘yicha 3000 dan ortiq bitiruvchi tamomladi. Bitiruvchilarga kelgusidagi pedagogik, ilmiy va kasbiy faoliyatlarida ulkan zafarlar tilandi.
Tantanali marosim doirasida ta’lim tizimida samarali faoliyat yuritayotgan hamkor ta’lim muassasalari rahbarlari ham munosib rag‘batlantirildi. Jumladan, institut bilan doimiy hamkorlik qilib kelayotgan 32-, 33-, 68-son umumta’lim maktablari hamda 64- va 87-son maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlariga 4+2 amaliyot tizimini samarali tashkil etish va amaliyotchi talabalarni qo‘llab-quvvatlashdagi xizmatlari uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri nomidan tashakkurnomalar topshirildi.
Shuningdek, o‘qish va jamoat ishlarida yuqori natijalarga erishgan iqtidorli bitiruvchilarning ota-onalari ham institut rektori tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlanib, farzandlarining ta’lim olishi va kamol topishiga qo‘shayotgan hissalari e’tirof etildi.
Tadbir badiiy chiqishlar va konsert dasturlari bilan davom etdi. Shuningdek, bitiruvchilar, ota-onalar va mehmonlar maxsus tashkil etilgan fotozonalarda esdalik suratlariga tushib, unutilmas lahzalarni muhrladilar.
“Bitiruvchi–2026” tantanali kechasi bitiruvchilar uchun unutilmas xotiralarga boy, yangi hayot bosqichiga dadil qadam qo‘yish ruhini mujassam etgan bayram sifatida yakunlandi.
