- 2026-10-09
- 40
SAMARQAND DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI — 5 YOSHDA! “5 YIL — 5 QADRIYAT — YANGI MARRALAR SARI!”
SAMARQAND DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI — 5 YOSHDA!
“5 YIL — 5 QADRIYAT — YANGI MARRALAR SARI!”
Samarqand davlat pedagogika institutining besh yillik faoliyati izlanish, bunyodkorlik va izchil taraqqiyot yo‘lidan iborat bo‘ldi. Qisqa davrda institut pedagog kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda talabalar uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratish borasida muhim natijalarga erishdi.
Institutning rivojlanish tarixi 2021-yilda Samarqand davlat universiteti va Finlyandiyaning Turku universiteti o‘rtasidagi hamkorlikdan boshlandi. Shu asosda O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti tashkil etilib, 2021/2022 o‘quv yilidan faoliyat yurita boshladi. 2022-yil 21-iyundagi PQ-289-son qaror bilan institut alohida oliy ta’lim muassasasiga aylantirildi. 2025-yil 28-apreldagi PF-73-son Farmon asosida unga Samarqand davlat pedagogika instituti nomi berildi.
BESH YILDA — YANGI QIYOFА
Bugungi kunda institutda 10 182 nafar talaba tahsil olmoqda. 2026/2027 o‘quv yilida 2 449 nafar talaba 1-kursga qabul qilindi. 2025/2026 o‘quv yilida 3 157 nafar bitiruvchining 3 085 nafari ishga joylashdi.
Institutda 452 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ilmiy salohiyat 2021-yildagi 19,7 foizdan 37,6 foizga oshdi. 132 ta o‘quv dasturi TOP-300 reytingidagi universitetlar dasturlariga moslashtirildi.
Talabalarning fan, sport, san’at va intellektual yo‘nalishlardagi yutuqlari ham institutda yaratilayotgan ta’limiy va ijodiy muhitning muhim natijalaridan biridir.
XALQARO HAMKORLIK — YANGI IMKONIYATLAR
Institutning xalqaro hamkorlik aloqalari 2022-yildagi 8 ta shartnoma va memorandumdan 2026-yilga kelib 64 taga yetdi. Janubiy Koreya, Belarus va boshqa davlatlarning oliy ta’lim tashkilotlari bilan “1+1” magistratura hamda “3+1” bakalavriat dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
MODDIY-TEXNIK BAZA — IZCHIL RIVOJLANISHDA
Besh yil davomida talabalar turar joylari 3 tadan 5 taga, o‘rinlar soni 1 250 tadan 2 050 taga yetkazildi. O‘quv binolari soni 7 tadan 9 taga, ulardagi o‘rinlar esa 3 080 tadan 3 780 taga oshdi.
“5 YIL — 5 QADRIYAT — YANGI MARRALAR SARI!”
Institutning besh yilligi munosabati bilan ushbu shior ostida keng qamrovli bayram tadbirlari va ma’naviy-ma’rifiy festival tashkil etildi.
Festivalda fakultetlar ko‘rgazmalari, ijodiy namoyishlar, milliy qadriyatlar, talabalar iste’dodi, “Zakovat” intellektual o‘yinlari hamda sport musobaqalari namoyish etildi. Shuningdek, “SamLingo Education” va Art Studio spin-off loyihalari, jumladan, “Vijdon” ko‘chma do‘koni faoliyati taqdim qilindi.
Tadbirlar doirasida institut Axborot xizmati qoshida tashkil etilgan Media studiyaning tantanali ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Unda OAV vakillariga studiyaning zamonaviy texnik imkoniyatlari, videomateriallar, videodarslar va boshqa media mahsulotlarini tayyorlash uchun yaratilgan sharoitlar namoyish etildi.
Besh yillik sana munosabati bilan institut jamoasi ishtirokida tantanali tadbir o‘tkazilib, unda besh yil davomida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar sarhisob qilindi. Tadbirda institut rektori, professor Shahzoda Negmatova jamoani qutlug‘ sana bilan muborakbod etdi hamda ta’lim sifati, ilmiy salohiyat va talabalar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish kelgusidagi ustuvor vazifalar ekanini ta’kidladi.
Tadbirda viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etib, institut jamoasini besh yillik sana bilan muborakbod etdilar.
Shuningdek, institut taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar, xodimlar, talabalar, hamkor tashkilotlar va mehmonlar “Samarqand davlat pedagogika institutining 5 yilligi” esdalik medali bilan taqdirlandi.
Tantanali tadbir gala-konsert dasturi bilan davom etdi. Unda taniqli san’atkorlar va institutning iqtidorli talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Samarqand davlat pedagogika institutining besh yilligi — o‘tgan davr sarhisobi bilan birga, yangi maqsad va vazifalarni belgilash uchun muhim bosqichdir. “5 YIL — 5 QADRIYAT — YANGI MARRALAR SARI!” shiori ostidagi tadbirlar institutning bugungi salohiyati, erishilgan natijalari va kelajakdagi taraqqiyot yo‘nalishlarini yaxlit namoyon etdi. 









