• Kirish

Shoir Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligi nishonlandi

  • 2024-04-17
  • 2429
Shoir Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligi nishonlandi

     O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf she’riyatini talabalar orasida keng targ'ib etish, uning sermazmun ijodini o'rganish, o'sib kelayotgan yosh avlodga o'rnak sifatida ko'rsatish maqsadida O'zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida shoir tavalludining 70 yilligiga bag'ishlangan adabiy kecha o'tkazildi. 

     Tadbirda institut rektori Shahzoda Negmatova, shoir Muhammad Yusufning rafiqasi Nazira as-Salom hamda O'zbekiston xalq yozuvchisi Tog'ay Murodning turmush oʻrtogʻi Ma'suma Ahmedova ham ishtirok etdi. 

     Dastlab institut iqtidorli talabalari tomonidan shoirning she’rlari ifodali oʻqib berildi.  

     Ma'rifat maydoni respublika ko'rik-tanlovi sovrindori hisoblangan institutning "Ibrat" jamoasi ishtirokida Muhammad Yusuf qalamiga mansub "Qora Quyosh" dramatik dostoni asosida sahna ko'rinishi namoyish etildi.

     Shuningdek, Nazira as-Salom shoirning hayot yo'li, insoniy fazilatlari, ijod va oiladagi o'rni haqida to'xtalib, koʻpchilik bilmagan va eshitmagan voqealarni tadbir ishtirokchilariga batafsil so'zlab berdi. Suhbat davomida shoir O'lmasbek Samarqandiy qalamiga mansub, Muhammad Yusuf hayotining so'nggi damlari, xayoliy kechinmalari aks ettirilgan she'r o'qib eshittirildi.

     Tadbir soʻnggida mehmonlarga institut rektori Shahzoda Negmatova tomonidan esdalik sovg'alari topshirildi.

     Badiiy kecha qizgʻin, koʻtarinki ruhda oʻz nihoyasiga yetdi.

 

Oʻzbekiston-Finlandiya pedagogika instituti 
Axborot xizmati

Teglar
BIZ BILAN BO'LING