• Kirish

Hurmatli Rustam Ibragimovich!

  • 2024-08-16
  • 3461
Hurmatli Rustam Ibragimovich!

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti ma’muriyati va ko‘p sonli professor-o‘qituvchilari jamoasi Siz aziz va muhtaram ustozni, qutlug‘ 75 yillik yubileyingiz munosabati bilan samimiy tabriklaydi.

Sizning hayotga va insonlarga bo‘lgan munosabatingiz, jamoatchilik sohalarida erishgan yutuqlaringiz, oliy ta’lim tizimida amalga oshirgan ishlaringiz ko‘pchilik orzu qiladigan ibrat yo‘lidir. Shu sababli ham nafaqat Samarqand ahli, balki yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalaridagi ilm-fan va ta’lim yo‘lida mehnat qilayotgan olimlar, ulug‘ maqsadli yosh kadrlar Sizni Vatan va xalq manfaati uchun butun kuchi va bilimini yo‘naltirgan ziyoli inson sifatida e’zozlashadi. 

Mamlakatimizning ravnaqi, ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan va bugungi kunda ham fidokorona mehnat qilayotgan ko‘plab olim-u yozuvchilar, davlat va jamoat arboblarining Sizga bo‘lgan mehr-muhabbati va hurmati alohida e’tirofga loyiq.

Qadrli Rustam Ibragimovich! Sizni “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi sifatida xalqimiz yaxshi biladi va qadrlaydi.    

Sizning faoliyatingiz bugun nafaqat mamlakatimizda, xalqaro miqyosda ham ilm-fan jonkuyari, ta’lim fidoyisi sifatida e’tirofga loyiq. Sizning rahbarligingizda Samarqand davlat universiteti jahonning nufuzli universitetlari ro‘yxatidan joy oldi. Universitet olimlarining xalqaro ahamiyatli ilmiy kashfiyotlari, dolzarb ilmiy yutuqlari ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Universitetda munosib ta’lim-tarbiya olgan yosh kadrlar esa turli jabhalarda zamon bilan hamnafas mehnat qilishmoqda. Siz yuzlab yoshlarga katta hayot yo‘lini ko‘rsatgan ustoz-murabbiy sifatida ehtirom va hurmatga loyiq insonsiz.

Muhtaram Rustam Ibragimovich! O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti ma’muriyati va ko‘p sonli professor-o‘qituvchilari jamoasi Siz aziz va muhtaram ustozni  tug‘ilgan kuningizga 75 yil to‘lishi munosabati bilan qizg‘in tabriklaydi hamda mustahkam sog‘lik, oilaviy tinchlik, barkamollik, ilmiy-ma’rifiy faoliyatingizda yuksak muvaffaqiyatlar tilaydi. 

Umringiz uzoq bo‘lishini, doimo sog‘-salomat yurishingizni, xalqimizning, shogirdlaringizning, farzandlar-u nevara-chevaralaringizning ardog‘-u e’zozida  hayot kechirishingizni istaymiz!
 
Hurmat bilan,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti jamoasi!

Teglar
BIZ BILAN BO'LING