- 2025-04-12
- 6733
O‘zbekiston–Finlandiya pedagogika institutida “Rektor kubogi” sport musobaqalarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Bugungi kunda mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarning jismoniy tarbiyasi va sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, Prezidentimiz rahbarligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yosh avlodning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular orasida sog‘lom raqobat va yuksak sport madaniyatini qaror toptirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur ezgu maqsadlarga hamohang ravishda O‘zbekiston–Finlandiya pedagogika institutida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Rektor kubogi” sport musobaqalarining navbatdagi ochilish marosimi institutda katta tantana bilan nishonlandi. Tadbirda institut rektori, prorektorlar, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni institut rektori professor Shahzoda Negmatova ochib berdi va sportning jamiyat hayotidagi o‘rni, sog‘lom avlodni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyati hamda talabalarning har tomonlama rivojlanishida jismoniy tarbiyaning tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, institut sportchilari tomonidan so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar alohida e’tirof etildi. Ayniqsa, talabalarimizning nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosdagi sport musobaqalarida ham munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgani ta’kidlandi. Institut sha’nini yurt miqyosida yuksaltirayotgan sportchi yoshlarga minnatdorchilik bildirildi.
Marosim yakunida “Rektor kubogi” sport musobaqalari rasman ochiq deb e’lon qilindi va barcha ishtirokchilarga omad tilandi.
Oʻzbekiston-Finlandiya pedagogika instituti
Axborot xizmati