- 2025-09-03
- 7227
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

SamDPIda Mustaqillik bayrami va “Talabalikka bag‘ishlov” tadbiri aynan shu shior ostida o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi hamda yangi 2025/2026-o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan Samarqand davlat pedagogika institutida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida tantanali “Talabalikka bag‘ishlov” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda 1-bosqich talabalari va ularning ota-onalari, professor-o‘qituvchilar, faxriy ustozlar, mehmonlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Institut rektori, professor Shahzoda Negmatova so‘zga chiqib, barcha talabalarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi. Rektor o‘z nutqida talabalarga mustahkam bilim, keng dunyoqarash va yuksak marralarni egallashda kuch-g‘ayrat tiladi. Shuningdek, mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirish, pedagogik bilimlarni rivojlantirish hamda yoshlarning xalqaro maydonda o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng, institutga eng yuqori ball to‘plab qabul qilingan bir guruh talabalar va ularning ota-onalariga institut rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.
Tadbir san’atkorlarning kuy va qo‘shiqlari bilan yanada fayzli davom etdi.
Samarqand davlat pedagogika instituti
Axborot xizmati