- 2025-09-18
- 6191
Samarqand davlat pedagogika instituti va Turkiyaning Giresun universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova Turkiyaning Giresun universiteti rektori, professor Yılmaz Can boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv ikki oliy ta’lim muassasasi rahbarlarining ilk muloqoti bo‘lib, unda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar o‘rtasida akademik mobillikni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish hamda ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar qo‘shma ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish, xorijiy stajirofkalarni amalga oshirish, o‘qituvchi va talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek pedagogika sohasida seminar va treninglar o‘tkazish borasida kelishuvlarga erishdilar. Hamkorlikni mustahkamlash maqsadida memorandum imzolandi.
Professor Shahzoda Negmatova mehmonlarni institutning tasviriy san’at ta’lim yo‘nalishi talabalarining amaliy mashg‘ulot jarayonlari bilan tanishtirdi.
Mazkur uchrashuv Samarqand davlat pedagogika instituti va Giresun universiteti o‘rtasida ilk hamkorlikning boshlanishi bo‘lib, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi samarali aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Samarqand davlat pedagogika instituti
Axborot xizmati