- 2025-12-06
- 5522
SamDPI xalqaro reytinglarga kirish bo‘yicha tizimli islohotlarni boshladi
Samarqand davlat pedagogika institutining xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirish, dunyoning yetakchi ta’lim reytinglaridan munosib o‘rin egallashga erishish maqsadida institut birinchi prorektori Boburjon Abdurazzoqov tegishli mas’ullar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuv davomida institut rektorining topshirig‘iga muvofiq xalqaro reyting tizimlariga kirish jarayonini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish, zarur indikatorlarni puxta tahlil qilish hamda ularga mos ravishda kompleks “yo‘l xaritasi”ni shakllantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kuchaytirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy nufuzli jurnallarda chop etiladigan ilmiy maqolalar sonini oshirish, professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligini rivojlantirish kabi reyting ko‘rsatkichlariga bevosita ta’sir qiluvchi yo‘nalishlar bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Yakunda mutassaddilarga institutning xalqaro reytinglarda barqaror o‘sishga erishishi uchun tizimli ishlarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.



Samarqand davlat pedagogika instituti
Axborot xizmati
