- 2025-12-10
- 5922
Samarqand davlat pedagogika institutida 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni hamda 10-dekabr — O‘zbekistonda Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda taniqli siyosatchi, shoir va yozuvchi, “Zarafshon” hamda “Samarkandskiy vestnik” gazetalarining bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, shuningdek, taniqli shoira, pedagog, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xosiyat Bobomurodova, Samarqand davlat pedagogika instituti rektori professor Shahzoda Negmatova, institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdilar.
🇺🇿Bayram tadbiri O‘zbekiston Davlat madhiyasini kuylash bilan boshlandi.
Rektor Shahzoda Negmatova tadbirni ochib berar ekan, Konstitutsiyaning davlatimiz taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni, xalqimizning erkin va farovon hayotini ta’minlashdagi asosiy huquqiy poydevor ekanligi, shuningdek, madhiyamizning millat g‘ururi va sha’nini ifodalovchi muqaddas qo‘shiq sifatidagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng bayram munosabati bilan Farmon Toshev va Xosiyat Bobomurodovaga Samarqand davlat pedagogika institutining faxriy professori unvonini berish to‘g‘risidagi Institut kengashi qarori o‘qib eshittirildi.
Professor Shahzoda Negmatova faxriy unvonlarni ularning egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Tadbirning badiiy qismida Vatan madhini ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar namoyishi, shuningdek Konstitutsiyamizning ayrim moddalariga bag‘ishlangan chiqishlar ishtirokchilarga havola etildi.













Samarqand davlat pedagogika instituti
Axborot xizmati
