Samarqand davlat pedagogika institutida YUNESKO Bosh konferensiyasi ishtirokchisi — Sint-Maarten vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

  • 2025-11-01
  • 5716
Samarqand davlat pedagogika institutida YUNESKO Bosh konferensiyasi ishtirokchisi — Sint-Maarten vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Samarqand davlat pedagogika institutida YUNESKO Bosh konferensiyasi ishtirokchisi — Sint-Maarten vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Samarqandda o‘tkazilayotgan dunyo miqyosidagi yirik tadbir — YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Sint-Maartenning Vakolatli elchisi (Plenipotensiar vazir) devoni rahbari Drs. Gracita R. Arrindell hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Sevara Shokirovalar Samarqand davlat pedagogika institutiga tashrif buyurishdi.

Yuqori martabali mehmonlarni institut rektori, professor Shahzoda Negmatova kutib oldi. Uchrashuv davomida rektor tomonidan Drs. Gracita R. Arrindellga institut tarixi, ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari va ta’lim dasturlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng mehmonlar institut talabalari tomonidan qo‘l mehnati asosida yaratilgan hunarmandchilik, naqqoshlik, zardo‘zlik, tasviriy va amaliy san’at namunalarini tomosha qildi. Shuningdek, talabalar milliy cholg‘u asboblarida ijro etgan mumtoz san’at asarlari ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tashrif davomida Drs. Gracita R. Arrindell institutda faoliyat yuritayotgan turli markazlar va to‘garaklar bilan ham yaqindan tanishdi.

Uchrashuv yakunida institut rektori professor Shahzoda Negmatova tomonidan martabali mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Tomonlar o‘rtasida samimiy muloqot kechdi va ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash yo‘lida mazkur uchrashuvning muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Samarqand davlat pedagogika instituti 
Axborot xizmati

Share This Post