- 2025-11-24
- 5921
SAMARQAND DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI TOMONIDAN TURKIYANING ORDU UNIVERSITETIDA “O‘ZBEK TILI VA MADANIYATI” MARKAZI OCHILDI
2025-yil 17–22-noyabr kunlari Samarqand davlat pedagogika instituti delegatsiyasi Turkiyaning Ordu va Giresun universitetlariga xizmat safari bilan tashrif buyurdi. Mazkur tashrif ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, amaldagi shartnomalar ijrosini jadallashtirish hamda ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida yangi yo‘nalishlarni muhokama qilishga qaratildi.
Ordu universiteti bilan hamkorlikning yangi bosqichi
Tashrifning dastlabki qismida Ordu universiteti rektori, professor Orhan Baş bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarda ta’lim, ilm-fan va madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy masalalar muhokama etildi.
Shu kuni Samarqand davlat pedagogika instituti tashabbusi bilan Ordu universitetida “O‘zbek tili va madaniyati” markazi ochildi. Mazkur markaz talabalarga, professor-o‘qituvchilarga va tadqiqotchilarga o‘zbek tili, tarixi hamda milliy-madaniy merosni o‘rganish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Markaz faoliyati ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Markaz ochilishiga bag‘ishlab “O‘zbek madaniyati va milliy liboslari” mavzusida konferensiya tashkil etildi. Tadbir ikki davlat madhiyalari bilan boshlandi. Ordu universiteti rektori professor Orhan Baş hamda Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova so‘zga chiqib, o‘zaro hamkorlikning dolzarbligi va istiqbollari haqida ma’lumot berdi.
Konferensiya doirasida o‘zbek madaniyati va milliy liboslariga bag‘ishlangan ko‘rgazma namoyish etildi. Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan ijodiy chiqishlar taqdim qilindi. Tasviriy san’at va texnologik ta’lim kafedrasi mudiri, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Gulnora Mahkamovaning “O‘zbek milliy liboslari” mavzusidagi ma’ruzalari ishtirokchilar tomonidan qiziqish bilan tinglandi. Shuningdek, Ordu universitetida tahsil olayotgan o‘zbek talabalari milliy liboslarda sahnalashtirgan chiqishlari tadbir mazmunini boyitdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Giresun universiteti bilan hamkorlik yo‘nalishlari
Xizmat safarining navbatdagi manzili Giresun universiteti bo‘ldi. Universitet rektori professor Yilmaz Can bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’lim va ilmiy tadqiqot yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Giresun viloyati hokimi Mehmet Fatih Serdengeçti bilan uchrashuv o‘tkazilib, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Muloqot davomida Samarqand davlat pedagogika instituti talabalari uchun Giresun universitetida tahsil olish kvotalari oshirilishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, ERASMUS+ dasturi doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.
Mazkur xizmat safari davomida Turkiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikning yangi bosqichi shakllandi. Imzolangan kelishuvlar, ochilgan markaz hamda o‘tkazilgan ilmiy-ma’rifiy tadbirlar ikki davlat o‘rtasidagi ta’limiy, madaniy va ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shahzoda Negmatova
Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor


















