- 2026-03-24
- 6877
Hurmatli Mohigul Tohirova!

Sizni davlatimiz rahbari tomonidan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganingiz munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Mazkur yuksak mukofot mamlakatimizda iqtidorli, bilimli va tashabbuskor qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilm-fan, ta’lim, madaniyat va jamiyat hayotidagi faolligini rag‘batlantirishga qaratilgan e’tirof bo‘lib, Sizning ilm yo‘lidagi matonatingiz, fidokorona mehnatingiz, intilishlaringiz va erishgan natijalaringizning munosib bahosidir.
Sizning ushbu yutug‘ingiz nafaqat shaxsiy muvaffaqiyatingiz, balki ota-onangizning mehrli tarbiyasi, ustozlaringizning zahmatli mehnati hamda Siz faoliyat olib borayotgan Samarqand davlat universiteti jamoasining samarali faoliyati mahsuli ekanini alohida ta’kidlash joiz.
Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ayniqsa, qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish borasida olib borilayotgan izchil siyosat Siz kabi iqtidor egalarining yangi marralarni zabt etishida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ishonchim komilki, Siz bundan buyon ham yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida o‘z bilim va salohiyatingiz bilan munosib hissa qo‘shib, tengdoshlaringiz uchun ibrat bo‘lib qolasiz.
Sizga mustahkam sog‘liq, ulkan zafarlar va kelgusi faoliyatingizda yanada yuksak muvaffaqiyatlar tilayman!
Hurmat bilan,
Shahzoda Negmatova
Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor
