Temuriylar davri renessansi: fan, ta’lim va madaniyat taraqqiyoti!

  • 2026-04-07
  • 1487
Temuriylar davri renessansi: fan, ta’lim va madaniyat taraqqiyoti!
Temuriylar davri renessansi: fan, ta’lim va madaniyat taraqqiyoti!

Temuriylar davri renessansi: fan, ta’lim va madaniyat taraqqiyoti!

“Temuriylar davri renessansi: fan, ta’lim va madaniyat taraqqiyoti” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy va boshqa qator davlatlardan professorlar, akademiklar, yetakchi ilmiy xodimlar hamda soha mutaxassislari faol ishtirok etdilar. Nufuzli ilmiy uchrashuv Temuriylar davrining ilm-fan, ta’lim va madaniyat rivojidagi o‘rni, shuningdek, uning bugungi taraqqiyotga ta’sirini atroflicha muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

Anjuman doirasida bir qator xorijiy olimlar dolzarb mavzulardagi ma’ruzalari bilan onlayn va oflayn shaklda qatnashdilar. Jumladan, Turkiyadan Turkshunoslik tadqiqotlari instituti professori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti ilmiy xodimi Shafoaddin Deniz “XV asr oxiri – XVI asr boshlarida Turkistonda hokimiyat uchun kurash (Temuriylar, Shayboniylar va Safaviylar)” mavzusida ma’ruza qildi.

Germaniyadan Heidelberg universiteti hamda Ipak yo‘li turizm va madaniy meros xalqaro universiteti vakili Negar Abdali “Arxeologiya va uning Temuriylar davrini innovatsion talqini” mavzusida chiqish qildi.

Qozog‘istondan siyosiy fanlar nomzodi, dotsent, Abilayxon nomidagi Xalqaro munosabatlar va jahon tillari universiteti vakili Iztaeva V.A. “Temuriylar davri ilm-fani, san’ati va madaniyati: renessans prizmasida qarash” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Ozarbayjondan Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Falsafa va sotsiologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, dotsent Faiq Alakbarli “Turk xalqlari birligi falsafasi va Turk davlatlari tashkiloti” mavzusida o‘z ilmiy qarashlarini taqdim etdi.

Shuningdek, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston FA Tarix instituti bosh ilmiy xodimi Rajabov Qahramon “Amir Temur – Turon davlati hukmdori” mavzusida ma’ruza qildi.

Rossiyadan falsafa fanlari doktori, Ural federal universiteti professori Tatyana Yuryevna Bystrova “Oliy ta’limda klasterli ta’lim modeli: imkoniyatlar va xavflar” mavzusida ma’ruza bilan qatnashdi.

 Anjuman so‘ngida xorijiy mehmonlar va barcha ishtirokchilarga institut tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni almashish hamda Temuriylar davri merosini chuqur o‘rganishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy platforma sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.

 Konferensiya o‘z ishini ertaga, 8-aprel kuni, sho‘balarga bo‘lingan holda davom ettiradi.

Share This Post