• Kirish

Abituriyentlar va ularning ota-onalariga murojaat!

  • 2024-07-06
  • 3946
Abituriyentlar va ularning ota-onalariga murojaat!
Abituriyentlar va ularning ota-onalariga murojaat!

Hurmatli Oʻzbekiston-Finlandiya pedagogika institutida oʻqish istagida boʻlgan abituriyentlar va ularning ota-onalari! 

Barchangizga ma’lumki, 2024-2025 o‘quv yili uchun OTMlarga hujjatlarni qabul qilish yakuniga yetib, imtihonlar uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Ushbu jarayonda alohida iqtidor talab etiladigan yoʻnalishlar uchun belgilangan tartibda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni tashkil etish koʻzda tutilgan. 

Xususan, Oʻzbekiston-Finlandiya pedagogika institutida ham 
60111200 - «Jismoniy madaniyat» (kunduzgi va sirtqi);
60111200 - «Jismoniy madaniyat» (kunduzgi va sirtqi)(ko'zi ojiz va jismoniy imkoniyati cheklanganlalar uchun);
60110600 - “Musiqa ta’limi” (kunduzgi va sirtqi);
60211400 - Vokal san'ati (an'anaviy xonandalik);
60110500 - “Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi” (kunduzgi va sirtqi) ta’lim yo‘nalishlari uchun ijodiy imtihonlar oʻtkaziladi. 

Bugungi kunda institutimiz ushbu imtihonlarni oʻtkazish uchun tayyor.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlab oʻtamizki, ijodiy imtihon jarayonlari to‘liq shaffof holda tashkil etilib, unda imtihon o‘tkaziladigan barcha xonalar kuzatuv kameralari orqali jonli translyatsiya qilib boriladi. Siz ushbu jarayonlarni live.uzfi.uz saytida toʻliq holda kuzatib borishingiz mumkin. 

Institutimiz hududida ham ota-onalarga farzandining imtihon topshirish jarayonini kameralar orqali bevosita kuzatib borishlari uchun toʻliq sharoitlar yaratiladi. Barcha tasvirlar yozilib, saqlab olinadi.

Diqqat! 

Ijodiy imtihonlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan tasdiqlanib, ro‘yxat asosida respublikamizning boshqa viloyatlaridan tuzilib, yuborilgan ishchi guruh vakillari tomonidan olinadi.

Shunday ekan, qadrli abituriyentlar va ularning ota-onalari, agar sizga biror manfaat evaziga farzandingizning imtihon jarayonlariga yordam berishni va’da qilayotgan shaxslar bo‘lsa, ularning gaplariga aslo ishonmang!

Bunday shaxslar sizlarga aldov yo‘li bilan moddiy manfaatdorlikni kasb qilgan firibgarlardir!

Agar qabul jarayonlari bilan bog‘liq firibgarlik holatlari bo‘yicha institut tomonidan biror ma’lumot aniqlanadigan bo‘lsa, ushbu harakatlarga taalluqli bo‘lgan fuqarolar shu zahotiyoq institut rahbariyati tomonidan Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etilishi bo‘yicha ogohlantiramiz.

Aziz abituriyentlar, sizga imtihonlarda yordam beramiz deydigan ta’magir va firibgarlarning takliflaridan ehtiyot bo‘ling! 

Unutmang, qonunlarimizda pora berganga ham, olganga ham javobgarlik muqarrar. Faqat va faqat o‘z bilimingizga ishoning. 

Barchangizga imtihon jarayonlarida omad tilayman!

Shahzoda Negmatova,
Oʻzbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori

Tags
Share This Post