- 2025-08-23
- 5195
Assalomu alaykum, aziz yoshlar!

Samarqand davlat pedagogika institutiga o‘qishga qabul qilinganingiz bilan barchangizni chin qalbimdan tabriklayman. Sizlar mehnat va bilim orqali imtihonlarda yuksak natijalarga erishib, bugun institutimizning faxrli talabasiga aylangansiz. Bu sizning ota-onangiz va ustozlaringiz ishonchini oqlaganingizning yorqin ifodasidir.
Endi oldingizda hayotingizning yangi bosqichi – talabalik davri turibdi. Bu davr nafaqat bilim olish, balki orzu-maqsadlaringizni ro‘yobga chiqarish, shaxsiy va kasbiy kamolot sari dadil qadam tashlash imkoniyatini beradi.
Samarqand davlat pedagogika instituti – yuksak malakali pedagog kadrlarni tayyorlaydigan yetakchi dargohlardan biridir. Institutimizda zamonaviy ta’lim olish, ilmiy izlanishlar olib borish va kasbiy mahoratingizni oshirishingiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Ishonchim komilki, bu yerda siz bilimli, izlanuvchan va o‘z kasbining fidoyisi bo‘lib yetishasiz.
Ilm-ma’rifat insonni yuksaltiradigan eng muhim boylikdir. Sizlarni bu dargohga aynan bilim va intilish olib keldi. Umid qilamanki, bundan keyingi ta’lim yo‘lingizda ham izlanishdan to‘xtamasdan, yuksak natijalarga erishasiz. Biz – institut jamoasi esa, bu yo‘lda sizlarni qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyormiz.
Shahzoda Negmatova,
Samarqand davlat pedagogika instituti rektori