- 2025-12-04
- 1721
Hurmatli yoshlar, aziz ota-onalar, ustoz-murabbiylar hamda keng jamoatchilik vakillari!
Bugungi globallashuv davrida yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va millatimiz ertangi kunini belgilovchi eng muhim omil — bu yosh avlodning sog‘lom, ma’naviyatli va ongli voyaga yetishidir. Farzandlarimizning har biri — oilamizning quvonchi, jamiyatimizning kuchi va Vatanimizning bebaho boyligidir.
Afsus bilan aytish kerakki, bugun butun dunyo yoshlari duch kelayotgan xavf va tahdidlar — giyohvandlik, zararli odatlar, yot g‘oyalarga berilish kabi illatlar yurtimiz xavfsizligiga ham befarq emas. Giyohvandlik balosi — inson taqdirini izdan chiqaruvchi, oilalarni vayron qiluvchi, jamiyat barqarorligiga rahna soluvchi eng og‘ir ijtimoiy ofatlardan biridir.
Aziz yoshlar!
Sizlarning har biringizda ulkan orzular, katta imkoniyatlar va cheksiz salohiyat bor. Hayot sizga juda ko‘p eshiklarni ochadi, ammo bu yo‘lda sizning tanlovlaringiz, mas’uliyatingiz, tanqidiy fikrlashingiz hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bir lahzalik xato yoki “sinab ko‘rish” degan ehtiyotsiz qaror umr bo‘yi armon bo‘lib qolishi mumkin. O‘zingizni qadrlang, ilmga intiling, sog‘lom turmush tarzini tanlang. Zararli moddalardan xoli hayot — buyuk maqsadlar sari ishonchli qadamdir.
Hurmatli ota-onalar!
Farzand tarbiyasi — eng ulug‘ mas’uliyatdir. Bolalarimizning kimlar bilan muloqotda ekanini, qanday muhitda bo‘layotganini, qaysi g‘oyalar ta’siriga tushayotganini doimiy kuzatib borish har birimizning burchimizdir. Oiladagi samimiylik, mehr, muntazam suhbat, ishonch — ularning mustahkam qalqoni, turli illatlardan eng kuchli himoya vositasidir.
Muhtaram ustozlar!
Yosh avlodni barkamol qilib voyaga yetkazish yo‘lida sizning mehnatingiz, mas’uliyatingiz va fidoyiligingiz ulkan ahamiyatga ega. Ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlikning xavf-xatarlarini yoshlar ongiga to‘g‘ri yetkazish, ularni hushyorlikka chorlab borish — bugunning dolzarb vazifalaridan biridir. Har bir dars, har bir muloqot yosh qalbga nur, ishonch va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi zarur.
Hurmatli jamoatchilik!
Giyohvandlik va narkojinoyatchilik — faqat bir insonning muammosi emas, balki butun jamiyatning dardidir. Bu illatga qarshi kurash faqat davlat organlari zimmasidagi vazifa emas. Har bir fuqaro hushyor, ogoh va mas’uliyatli bo‘lmog‘i, yoshlarni ayanchli oqibatlardan asrash yo‘lida faol pozitsiya egallamog‘i lozim.
Bugun bizdan birdamlik, murosasizlik va qat’iyat talab etiladi. Jamiyatdagi har bir insonning hushyorligi va mas’uliyati — ertangi sog‘lom, barqaror va farovon O‘zbekistonning poydevoridir.
❗️Unutmang: Yurtimiz tinchligi, farzandlarimiz kelajagi va jamiyatimiz ravnaqi — har birimizning bugungi sa’y-harakatlarimizga bog‘liq. Keling, birlashaylik, yoshlarimizni himoya qilaylik va kelajagimizni asrab-avaylaylik!
Shahzoda Negmatova,
O‘zbekiston XDP Samarqand shahar kengashi deputati,
Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor
