“Ma’rifat darslari” – yoshlarning ma’naviy kamoloti yo‘lida

  • 2025-12-15
  • 5714
“Ma’rifat darslari” – yoshlarning ma’naviy kamoloti yo‘lida
“Ma’rifat darslari” – yoshlarning ma’naviy kamoloti yo‘lida

Samarqand davlat pedagogika institutida “Kelajak soati” rukni ostida tashkil etilayotgan “Ma’rifat darslari” izchil davom etmoqda.

Navbatdagi dars mashg‘uloti Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova tomonidan “Jadid bobolarimiz” mavzusida o‘tkazildi.

Mashg‘ulot davomida jadid bobolarimiz millatimiz kelajagi va ravnaqi yo‘lida jonini fido qilgan fidoyi siymolar ekani, ularning boy ma’naviy merosi o‘tmishni anglash, bugunni mustahkamlash hamda kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yishda muhim qudrat manbai ekanligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yangi jadidlar zimmasidagi ulug‘ vazifa ekani g‘oyasi ilgari surildi.

Dars jarayonida rektor talaba yoshlarga zamonaviylik va milliylik uyg‘unligi, milliy qadriyatlarimiz hamda tarixiy merosimizni asrab-avaylashning ahamiyati, barcha sohalarda doimiy yangilanish va taraqqiyotga intilish zarurati haqida atroflicha ma’lumotlar berdi. Bundan tashqari, Turkiston o‘lkasida jadidchilik harakatining vujudga kelish sabablari, jadid bobolarimiz tomonidan amalga oshirilgan tarixiy sa’y-harakatlar, millatparvar ziyolilarning ta’qib etilishi va mahv qilinishining tub sabablari hamda bu jarayonlarning ayanchli oqibatlari keng yoritib berildi.

Shuningdek, Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ezgu va ulug‘ maqsadni ro‘yobga chiqarishda jadid bobolarimiz kabi tafakkur yuritish, jadidona fikrlash va harakat qilish bugungi yoshlar uchun naqadar muhim ekani alohida qayd etildi.

Mashg‘ulot yakunida talabalar jadidchilik harakati namoyandalarining ilmiy-ijodiy va hayotiy faoliyatidan ibrat olib, o‘z ustida muntazam ishlash, yangi bilim va tajribalarni egallash, shuningdek, axloqiy fazilatlarni yanada yuksaltirish yo‘lida qat’iy intilishlarini bildirdilar.

Samarqand davlat pedagogika instituti 
Axborot xizmati

Tags
Share This Post