- 2025-12-23
- 5537
Hurmatli Samarqand davlat pedagogika instituti talabalarining ota-onalari!
Avvalo, Sizlarni yaqinlashib kelayotgan 2026-yil — Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Xonadonlaringizga fayz-u baraka, mustahkam sog‘liq, oilaviy totuvlik, kelgusi yilda esa yangi omad va yuksak yutuqlar tilayman.
❗️Ma’lumki, Samarqand davlat pedagogika institutida 2025-yil 28-dekabrdan 2026-yil 10-yanvariga qadar kuzgi semestr yakunlanishi hamda Yangi yil bayrami munosabati bilan talabalarga ta’til beriladi.
Shu munosabat bilan, Siz aziz ota-onalardan farzandlaringizning ta’til davridagi xatti-harakatlariga alohida e’tibor qaratishingizni so‘rab qolamiz. Xususan, ularning:
🔴bayram arafasida avj oladigan pirotexnika vositalaridan foydalanmasliklari;
🔴is gazidan ehtiyot bo‘lishlari;
🔴psixotrop va giyohvand moddalarning zararli ta’siriga tushib qolmasliklari;
🔴jinoyatchilikning turli salbiy oqimlari va noqonuniy harakatlarga qo‘shilmasliklari;
🔴jamiyat va oila sha’niga putur yetkazuvchi, qonun hujjatlariga zid bo‘lgan har qanday xatti-harakatlardan o‘zlarini tiyishlari
ustidan doimiy nazorat olib borishingizni muhim deb bilamiz.
✔️ Farzandlarimizning sog‘lom, xavfsiz va mazmunli hordiq chiqarishlari, ularning kelajagi uchun barchamiz birdek mas’ulmiz. Bu boradagi hamkorligingiz uchun Siz, aziz ota-onalarga oldindan minnatdorlik bildiraman.
Hurmat bilan,
Shahzoda Negmatova
Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor
