- 2025-12-26
- 5252
Prezident Murojaatnomasi – islohotlarning yangi bosqichi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining navbatdagi muhim bosqichini belgilab berdi. Unda so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, kelgusidagi ustuvor vazifalar aniq va puxta asoslab berildi.
Shu bilan birga, Murojaatnomada mahallaning jamiyat hayotidagi hal qiluvchi o‘rni, ijtimoiy adolatni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish, ta’lim va inson kapitaliga sarmoyani yanada kuchaytirish masalalari asosiy g‘oya sifatida ilgari surildi. 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ham xalqparvar, uzoqni ko‘zlagan va izchil siyosatning yaqqol ifodasidir.
Shuningdek, davlatimiz rahbari yana bir muhim va tarixiy tashabbusni e’lon qildi. Jumladan, Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldoshni uchirish hamda mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga parvoz qildirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanganini ta’kidladi.
Mazkur tashabbuslar maktablar uchun pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasasi sifatida Samarqand davlat pedagogika instituti zimmasiga ham muhim vazifalarni yuklaydi. Xususan, o‘quv dasturlariga kosmologiya yo‘nalishidagi bilimlarni maktab darajasida tushuntirish metodikasiga oid fanlarni kiritish, ushbu fanlarni o‘qita oladigan malakali mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb etish bugungi pedagoglar oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir.
Umuman olganda, Murojaatnoma har bir fuqaro, butun jamiyat hamda barcha davlat organlari xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Unda belgilangan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish, islohotlar natijalarini aholi hayotida amalda namoyon etish yo‘lida barcha imkoniyat va sa’y-harakatlarni birlashtirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shahzoda Negmatova
O‘zbekiston XDP Samarqand shahar kengashi deputati,
Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor
