Tabiiy fanlar fakulteti haqida
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-iyundagi 408-son qaroriga asosan Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston–Finlandiya pedagogika instituti tarkibida 5 ta fakultet tashkil etildi. Jumladan, “Aniq-tabiiy fanlar va jismoniy madaniyat” fakulteti 4 ta kafedradan iborat bo‘lib, ular quyidagilar:
- Aniq fanlar kafedrasi
- Tabiiy fanlar kafedrasi
- Jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi kafedrasi
- Sport turlarini o‘qitish metodikasi kafedrasi
2023-yil avgust oyida ta’lim yo‘nalishlarini ixtisoslashtirish, tabiiy fanlar bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlash sifatini oshirish hamda institutning tashkiliy tuzilmasini optimallashtirish maqsadida “Aniq-tabiiy fanlar va jismoniy madaniyat” fakulteti negizida Tabiiy fanlar fakulteti alohida fakultet sifatida tashkil etildi va mustaqil faoliyat boshladi. Fakultetning tashkil etilishi qisqa muddat ichida tashkiliy-huquqiy asoslarni shakllantirish, professor-o‘qituvchilar tarkibini jamlash hamda o‘quv jarayonini yo‘lga qo‘yishni taqozo etdi.
Fakultet tashkil etilgan dastlabki davrda dekan lavozimiga texnika fanlari nomzodi, professor Musulmonov Noryigit Hasanovich tayinlanib, uning rahbarligida fakultetning normativ-huquqiy hujjatlari ishlab chiqildi, o‘quv-uslubiy bazasi shakllantirildi va ta’lim jarayoni barqarorlashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF–73-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston–Finlandiya pedagogika instituti Samarqand davlat pedagogika instituti deb qayta nomlandi. Hozirgi kunda Tabiiy fanlar fakultetiga falsafa doktori (PhD), dotsent Mirzayev Uktam Nuritdinovich rahbarlik qilmoqda.
Fakultetda ta’lim jarayonini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish hamda yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda fakultetda asosiy shtatda 64 nafar, o‘rindoshlik asosida 14 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ilmiy daraja va unvonlar bo‘yicha tarkib nisbatan muvozanatli bo‘lsa-da, professorlar va fan doktorlari ulushining pastligi, shuningdek yosh olimlar sonining yetarli emasligi ilmiy salohiyatning barqaror o‘sishiga ma’lum darajada to‘sqinlik qilmoqda.
Fakultet O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo, Mikrobiologiya, Botanika, Astronomiya, Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutlari bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Tabiiy fanlar fakulteti tashkil etilganidan buyon xalqaro ilmiy-ta’limiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
Fakultet professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyatini oshirish, ta’lim sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish hamda talabalar va yosh tadqiqotchilarning ilmiy integratsiyasini ta’minlash maqsadida bir qator nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan:
- Rossiya Federatsiyasining Glazov davlat pedagogika universiteti, Tomsk davlat pedagogika universiteti, Moskva davlat pedagogika universiteti, Kemerovo davlat universiteti
- Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limining Hayvonlar sistematikasi va ekologiyasi instituti
- Qozog‘iston Respublikasi: L.N. Gumilyov nomidagi Yevrosiyo milliy universiteti, K. Jubanov nomidagi Aktobe regional universiteti
- Qirg‘iziston Respublikasi: Osh davlat pedagogika universiteti
- Hindiston: Aligarh Muslim University universiteti
- Turkiya: Egey universiteti, Afyon Kocatepe universiteti
- Germaniya: Geografiya fakulteti professori Christian Opp
- AQSh: Michigan State University professori Geoffrey Henebry
- Xitoy: Fanlar akademiyasi akademigi Zhang Qianggong tomonidan o‘tkazilgan xalqaro vebinarlar
Tabiiy fanlar fakulteti kafedralari
- Biologiya kafedrasi
- Kimyo kafedrasi
- Geografiya kafedrasi
- Fizika kafedrasi
Bakalavr ta’lim yo‘nalishlari
- Biologiya
- Kimyo
- Geografiya va iqtisodiy bilim asoslari
- Fizika
Magistr ta’lim yo‘nalishlari
- Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (Biologiya)
- Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (Kimyo)
- Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (Geografiya)
- Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (Fizika)
